Xalqaro hamkorlik 2025-2026
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli Gulf tibbiyot universiteti tomonidan magistratura yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Farg‘onaga tashrif buyurgan BAAlik investor, Gulf tibbiyot universiteti prezidenti Tumbay Mo‘ydin boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Uchrashuvda tibbiyot yo‘nalishida xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash, ilmiy sohadagi aloqalarni kengaytirish, ta’lim jarayoniga eng so‘nggi innovatsiyalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori Akmal Siddiqov bu hamkorlik oliy tibbiy ta’lim rivoji uchun katta ahamiyatga ega ekanini hamda besh yil davomida yiliga 5 million dollar ta’lim eksporti orqali investitsiya jalb qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qo‘shma ta’lim dasturi doirasida magistratura bosqichida talabalar Buyuk Britaniyaning Quality Assurance Agency tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladigan xalqaro diplomga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayoni ingliz tilida zamonaviy o‘quv dasturlari asosida olib boriladi.