Tibbiyot texnikumi biturvchilarini qabul qilish nizomi
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil "_____yanvardagi -son qaroriga ilova
Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘grisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni (keyingi o‘rinlarda - bitiruvchilar) o‘z sohasiga mone bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtixonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichidan o‘qishini davom ettirish uchun qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom oliy xarbiy, oliy xarbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, Toshkent davlat yuridik universitetiga, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Bitiruvchilar oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichidan o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘lgan o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish imtixonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining 2-bosqichidan o‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
To‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
4. Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari "5 (a’lo)" va "4 (yaxshi)", biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) "5 (a’lo)" bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish imtixonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali qabul qilish tartibi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yil mobaynida tatbiq etiladi.
Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan hamda texnikumni bitirganiga ikki yildan oshganlar o‘qishga kirish istagini bildirganda, ularni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Bitiruvchilarni o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofik sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Hujjatlarni qabul qilish
6. Bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasasining 2-bosqichidan o‘qishga qabul qilish uchun har yili oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) buyrug‘i bilan qabul komissiyasi tuziladi.
Oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) qabul komissiyasining raisi hisoblanadi.
7. Bitiruvchilar har yili 5 iyuldan 25 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar.
8. Bitiruvchilar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishida tizimga shaxsiy ma’lumotlarini kiritishi va quyidagi hujjatlarni yuklashi talab etiladi:
pasport yoki ID karta nusxasi;
texnikumni bitirganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali bitiruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari muvofiqlashtirilib boriladi.
9. Onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bitiruvchilarning tizimga yuklangan xujjatlari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan har yili 5 avgustga qadar o‘rganib chiqiladi va o‘rganish natijalari bo‘yicha abiturientlarning shaxsiy kabineti orqali ularga xabar beriladi.
10. Bitiruvchilar tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlanganda, u suhbatdan (talabalikka qabul qilingandan keyin aniqlansa, talabalikdan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi o‘rganlarga yuboriladi.
3-bob. Suhbat jarayonini tashkil etish va o‘tkazish
11. Oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) har yili 10 avgustga qadar o‘z buyrug‘i bilan har bir ta’lim yo‘nalishi b‘yicha alohida Suhbat komissiyasini tuzadi.
Suhbat komissiyasi 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi va uning tarkibiga kadrlarning asosiy ish beruvchilari bo‘lgan tashkilotlar va oliy ta’lim muassasasi bo‘ysinuvi bo‘yicha vazirliklar va idoralarning ma’sul xodimlari, sohaga taalluqli texnikumning malakali o‘qituvchisi hamda boshda oliy ta’lim muassasasining tegishli soha bo‘yicha professor-o‘qituvchisi kiritiladi.
12. Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha suhbat jarayoni to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi va jarayon ota-onalar, kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga ovozli tarzda onlayn translyatsiya qilib boriladi.
Suhbat jarayoni to‘liq va sifatli videokuzatuv ostida o‘tkazilishini va videoyozuvlarning kamida uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanishini ta’minlash ma’suliyati shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) zimmasiga yuklatiladi.
13. Bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan suhbat jarayoni har yili 10 avgustdan 25 avgustgacha, oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda, Suhbat komissiyasi tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda o‘tkaziladi.
Suhbat o‘tkazish muddatlari suhbat jarayonlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Suhbat jarayoniga jamoatchilik vakillari ham xolis kuzatuvchi sifatida jalb etilishi mumkin.
14. Belgilangan muddatlarda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu o‘quv yili uchun qayta suhbat o‘tkazilmaydi va ular oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan o‘qishga qabul qilinmaydi.
Bitiruvchi uzrli sabablarga ko‘ra (kasalligi, xizmat safarida bo‘lganligi yoki oila a’zolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) suhbatda ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa yoki ishtirok etmasa, suhbat o‘tkazilgan sanadan uch kundan kechikmay oliy ta’lim muassasasida tuzilgan qabul komissiyasiga murojaat etishi lozim. Mazkur toifadagi bitiruvchilar uchun suhbat jarayonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng bir xafta muddat ichida qo‘shimcha suhbat o‘tkaziladi.
15. Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:
mamlakatda o‘z sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
bakalavriat ta’lim yunalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qizidish ko‘rsatish);
shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (o‘qishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjidatlik, ma’suliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutug‘lar mavjudligi shuningdek, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.
Jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.
Mazkur savollar bo‘yicha baholash mezonlari tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
16. Savollar oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqilib, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Savollar mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan mavzularga mos tuzilganligi bo‘yicha ma’suliyat qabul komissiyasi raisi zimmasiga yuklatiladi.
17. Suhbat jarayonida Suhbat komissiyasining har bir a’zosiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq namunaviy shakldagi bitiruvchining suhbat natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda - suhbat natijalarini qayd etish varag‘i) beriladi.
Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat natijalarini qayd etish varag‘iga har bir bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra ball belgilab boriladi va imzolanadi.
18. Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha suhbat jarayoni yakunlangach Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan to‘ldirilgan suhbat natijalarini qayd etish varaqlaridagi ballar hisoblab chiqiladi va shu asosida ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq namunaviy shakldagi bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda - suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i) to‘ldirilib, Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘iga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 67 ball va undan yuqori bo‘lganda abiturient suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.
Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra suhbatdan o‘tganlar ro‘yxati shu kunning o‘zida abiturientlarga o‘qib eshittiriladi.
19. Oliy ta’lim muassasasida suhbatlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya shikoyatlari suhbat natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida oliy ta’lim muassasasida to‘gridan-to‘gri yozma shaklda yoki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda qabul qilinadi va appelyatsiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha bo‘lgan muddatda videoyozuv asosida ko‘rib chiqiladi.
20. Suhbat natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilganlar to‘g’risidagi ma’lumotlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch kun muddatda oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik, idoraga taqdim etiladi.
21. Suhbat komissiyasining suhbat natijalarini qayd etish hamda suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varaqlari uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanadi.
22. Suhbat komissiyasi a’zolari mehnatiga haq to‘lash oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘quv mashg’ulotlarini olib borganlik uchun belgilangan soatbay haq to‘lash shartlarida oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari to‘lov-kontrakt mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.
4-bob. To‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish
23. Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag’iga asosan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan o‘qishini davom ettirish uchun oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan talabalikka tavsiya etiladi.
24. Talabalikka tavsiya etilganlarning umumiy ro‘yxati suhbat jarayoni to‘liq yakunlangandan so‘ng bir kun muddatda oliy ta’lim muassasasining veb-saytida e’lon qilinadi va shu kundan boshlab ularga belgilangan namunadagi to‘lov-kontrakt blankalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan beriladi.
25. Talabalikka tavsiya etilganlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
Kontrakt shartlari, tomonlarning hududlari va majburiyatlari, ularni amalga oshirish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
26. Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag’iga asosan talabalikka tavsiya etilganlar belgilangan muddatlarda to‘lov-kontrakt shartlari bajarilgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug’i bilan muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichiga o‘qishga qabul qilinadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Mazkur Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.