Virtual qabulxona

+998 95 202-23-45 +998 95 302-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Xalqaro hamkorlik

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va Gulf tibbiyot universiteti o‘rtasida magistratura yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturining ishga tushirilishi haqidagi tashabbus bugun o‘z amaliyotiga kirdi. Ushbu dastur xalqaro hamkorlik va tajriba almashish orqali tibbiyot sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlashda katta ahamiyatga ega. Avvalroq imzolangan memorandum asosida amalga oshirilayotgan bu tashabbus Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti bilan Birlashgan Arab Amirliklaridagi Gulf tibbiyot universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yildi. Bugun, ushbu qo‘shma ta’lim dasturining rasmiy ochilish marosimida Gulf tibbiyot universiteti prezidenti, professor Tumbay Mo'ydin boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni institut rektori, professor Akmal Sidikov, ilmiy kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar va talabalar samimiy kutib oldilar.

Professor Tumbay Mo'ydin anjumanda qamrab oluvchi so‘zlarida ushbu qo‘shma ta’lim dasturi orqali xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va tibbiyot sohasidagi innovatsiyalarni joriy etish imkoniyatlari yaratishini ta’kidladi. Shuningdek, u Gulf tibbiyot universitetining xalqaro tibbiyot hamjamiyatidagi nufuzi va ilg‘or ta’lim tizimi haqida ma’lumot berdi.Institut rektori, professor Akmal Sidikov esa ushbu hamkorlikning O‘zbekiston tibbiyot ta’limi uchun muhim yutuq ekanini qayd etdi. Talabalarga xalqaro tajriba orttirish va qo‘shma dasturlar orqali ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish imkoniyatining ahamiyatini ta’kidladi.Mazkur dastur doirasida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talabalar xalqaro diplomga ega bo‘ladilar, bu esa ularga dunyo miqyosida tibbiyot sohasida faoliyat yuritish imkoniyatini yaratadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu qo‘shma ta’lim dasturi O‘zbekiston tibbiyot ta’limida yangi bir bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. O‘quv jarayonlari zamonaviy ingliz tilidagi dasturlar asosida olib boriladi. Shuningdek, kelgusida talabalar almashinuv dasturlari va qo‘shma ilmiy loyihalar hamda xalqaro konferensiyalar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.Marosim yakunida ikki oliygoh vakillari hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar va talabalar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.Ushbu tashabbus O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.