Qabul nizomi
Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida» 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 apreldagi 360-son qarori
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
-
Ushbu Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
-
Oliy ta’lim muassasalari qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradilar.
-
Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalari doirasida hamda qabul kvotalaridan tashqari abiturientlarni o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi. Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abiturientlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan test ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Test sinovlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018 y., 09/18/261/1036-son)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari joylarda test sinovlarini o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydilar.
-
Test sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.
Oliy ta’lim muassasasida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tili, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida hujjatlar qabul qilinishiga qadar vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Abiturient test sinovlarini va kasbiy (ijodiy) imtihonni oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda topshiradi. Bunda o‘zbek guruhlariga hujjat topshirgan abiturient o‘z arizasiga asosan test sinovlarini o‘zbek tilida lotin yoki kirill alifbosida topshirish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va test bo‘yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Abiturient chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovi topshiradi. Abiturient o‘qigan chet tilidan qat’i nazar, xohlagan (ingliz, nemis, fransuz) chet tilidan test topshirishi mumkin.
Agar umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasida ingliz, nemis yoki fransuz tillari o‘tilmasdan boshqa chet tillari o‘qitilgan holda, shu chet tilidan test sinovi o‘rniga ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihon topshiriladi.
Oliy ta’limning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar takliflari asosida Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
-
Ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlariga qabul ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar va test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu ta’lim yo‘nalishlariga arizalar ko‘rsatilgan tillarda o‘rta ta’lim muassasasini tugatgan abiturientlar yoki ko‘rsatilgan tillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasasini tugatib, akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo‘lgan abiturientlardan qabul qilinadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar, ko‘p balli imtihon baholari va Davlat komissiyasi tasdiqlagan test sinovlari natijalarining umumiy yig‘indisi shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadi.
-
Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilini (ingliz, nemis va fransuz tillari o‘qitilmagan holda) chet tili sifatida o‘qigan abiturientlar mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar, qolgan fanlar bo‘yicha esa test sinovlaridan o‘tadilar.
Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tili bilan birgalikda ingliz, nemis va fransuz tillari ham o‘qitilgan holda (ushbu fanlar abiturient diplomi ilovasida (attestatida) mavjud bo‘lganda) abiturient arizasiga asosan u chet tilini test shaklida yoki ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilidan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradi.
Mazkur qoida roman-german filologiyasi (ingliz, nemis va fransuz filologiyasi) yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiradigan abiturientlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tili bo‘yicha fan dasturi va baholash mezonlari ushbu tillar o‘qitiladigan tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi va joriy etiladi.
-
Oliy ta’lim muassasalarida kasbiy (ijodiy) va ko‘p balli imtihonlarni o‘tkazish 1va 2-ilovalarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
-
Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abiturientlarni o‘qishga qabul qilish 3-ilovadabelgilangan tartibda amalga oshiriladi.
-
Respublika tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan 3 yillik «Oliy hamshiralik ishi» ta’lim yo‘nalishiga qabul faqat o‘rta maxsus, kasb-hunar tibbiy ma’lumot (hamshiralik, akusherlik ishi va feldsherlik) negizida amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.
-
Oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limning ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishiga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ishlab turgan sohadan tavsiyanoma berilgan kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari tarkibida hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lgan abiturientlar hisobidan amalga oshiriladi.
2-bob. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish
-
Oliy ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2008 yil 4 avgustdagi 169-son qarorihamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Respublika fuqarolarini xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga jo‘natish davlatlararo shartnomalar va Davlat komissiyasining tegishli qaroriga, oliy ta’lim muassasalararo shartnomalarga hamda fuqarolarning tashabbusiga asosan amalga oshiriladi.
3-bob. Hujjatlarni qabul qilish
-
Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tassarufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan tartibda qabul komissiyasi raisi, uning o‘rinbosari va qabul komissiyasi kotiblari tayinlanadi. Bunda oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) lavozim bo‘yicha qabul komissiyasiga raislik qiladi.
Qabul komissiyalari a’zolarining vazifalari qabul komissiyasi raisi tomonidan belgilanadi.
Abiturientlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha qabul qilinadi.
Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili, shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini va tanlangan ikkinchi oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
maxsus sirtqi bo‘lim abiturientlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.
To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar va I guruh ko‘zi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar toifasiga «Mehribonlik uylari»da yashab ta’lim olgan, 18 yoshga to‘lmagan, otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb e’lon qilingan bolalar kiradi.
Ariza shakli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Abiturient arizasida «o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman» grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, yetim, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.
Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
Abiturient tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.
Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab, uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi (oliy ta’lim muassasasiga talabalikka qabul qilinganligi to‘g‘risidagi rasmiy buyruq bo‘lsa, imtiyozdan takroran foydalanish mumkin emas).
Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man qilinadi.
Abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari 20 iyulgacha bo‘lgan muddatda Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, abiturientlarning soni haqida belgilangan shakldagi ma’lumotni imtiyozga ega bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan qo‘shib taqdim etadilar.
4-bob. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar
Oldingi tahrirga qarang.
-
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar test sinovlari o‘tkazilishiga qadar 11 iyuldan 20 iyulgacha, test majmualarida fanning o‘rniga qarab uning uchun nazarda tutilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizigacha bo‘lgan oraliqda yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari bo‘yicha tushgan norozilik (apellyatsiya) arizalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan 21 iyulga qadar bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markaziga oliy ta’lim muassasalari tomonidan 22 iyulgacha taqdim etiladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018 y., 09/18/261/1036-son)
5-bob. Test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
-
Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi.
Abiturientlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risida belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018 y., 09/18/261/1036-son)
Oldingi tahrirga qarang.
-
Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abiturientlar tegishli ravishda bir, ikki yoki uch fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.
Test topshiriqlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.
«Jurnalistika», «Xalqaro jurnalistika» va «Nutq madaniyati va notiqlik san’ati» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda (0 bilan 63 ballgacha bo‘lgan oraliqda baholanuvchi) kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.
Fanlar majmuasi Ona tili va adabiyoti (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), Matematika (informatika bilan), Fizika, Kimyo, Biologiya, Tarix, Geografiya, Chet tili (ingliz tili, nemis tili, fransuz tili) fanlari bo‘yicha shakllanadi.
Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatni qabul jarayonida taqdim etganda oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kirish test sinovlari fanlar majmuasiga chet tili fani kiritilgan yo‘nalishlarda mos chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshirmaydi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018 y., 09/18/261/1036-son)
Oldingi tahrirga qarang.
-
Test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomasosida amalga oshiriladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018 y., 09/18/261/1036-son)
6-bob. Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish, o‘qish uchun to‘lov tartibi va miqdori
-
Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida test sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat komissiyasi tomonidan abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin oliy ta’lim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontraktlar rasmiylashtiriladi.
Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab beriladi va yuridik shaxslar uchun rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Davlat komissiyasi tomonidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan abiturientlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
Kontrakt shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularning amalga oshirilishi tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
-
Oliy ta’lim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlari, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida abiturientlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinishi (keyingi o‘rinlarda qo‘shimcha qabul deb ataladi) mumkin.
Qo‘shimcha qabulni amalga oshirish takliflari oliy ta’lim muassasalari tomonidan bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda 15 oktabrga qadar Davlat komissiyasiga kiritiladi.
Davlat komissiyasi oliy ta’lim muassasalarining imkoniyati, tanlov va to‘plangan ballar miqdoridan kelib chiqib, oshirilgan to‘lov-kontrakt sharti bilan abiturientlarni qo‘shimcha qabul qilish ko‘rsatkichlari yuzasidan 20 oktabrga qadar qaror qabul qiladi.
Bunda:
ballar ketma ketligi bo‘yicha ro‘yxatdagi oldingi abiturient qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni arizasi bilan rad etgan holda yoki test sinovi natijalari e’lon qilingan kunidan boshlab bir oy muddatda ariza bermaganda ro‘yxatdagi keyingi abiturient qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi;
qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish oliy ta’lim muassasasining bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holdagi takliflariga (qabul ko‘rsatkichlari bo‘yicha) binoan Davlat komissiyasi qarori asosida oliy ta’lim muassasalarining imkoniyati inobatga olinib amalga oshiriladi.
-
Oliy ta’lim muassasalari qo‘shimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30 % (68,0 ball)dan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abiturientlar orasidan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiradilar.
Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abiturientlar uchun — 1,5 barobar;
1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.
Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt shartlari birinchi o‘quv yili uchun to‘liq bajarilgandan so‘ng abiturient oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.
Manbaa: http://lex.uz