Tavsiyaviy qo‘llanma
Mazkur tavsiyaviy qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi PF-5729-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi asosida davlat organlari va tashkilotlarning mas’ul xodimlari tomonidan ishga qabul qilinganidan so‘ng hamda muayyan vaqt o‘tganidan so‘ng, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf qilish va korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tuzilgan.
Agentligining asosiy vazifalaridan biri sifatida davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasbiy axloq-odobni, korrupsiyaga qarshi turish madaniyatini va unga toqatsiz munosabatni shakllantirish belgilangan.
Shu bilan birga 2019 yil 31 iyulda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi”ning 7- bandiga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir tushuntirish ishlariga doir tavsiyaviy qo‘llanma ishlab chiqish nazarda tutilgan.