Virtual qabulxona

+998 95 044-23-45 +998 95 048-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Urologiya va onkologiya kafedrasi

Bosh sahifa

Urologiya va onkologiya kafedrasi

Urologiya va onkologiya kafedrasi


Kafedra tarixi

2022-yildan boshlab Davolash ishi yo‘nalishida mutaxassislik va maxsus fanlarni o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “Urologiya va onkologiya” kafedrasi tashkil etildi. Kafedra Respublika ixtisoslashgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona filiali hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona viloyati filiallari negizida faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi faoliyat
Hozirgi kunda “Urologiya va onkologiya” kafedrasi Davolash ishi, kasbiy ta’lim va tibbiy profilaktika ishi yo‘nalishlari talabalari uchun mutaxassislik fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan bo‘lib, o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot hamda amaliy yo‘nalishlarda samarali faoliyat olib bormoqda.
Kafedrada quyidagi fanlar o‘qitiladi:
  1. Urologiya
  2. Klinik urologiya
  3. Onkologiya
  4. Siydik-tanosil tizimi kasalliklari
  5. Erkaklar reproduktiv salomatligi
  6. Siydik-tanosil tizimi o‘smalari
  7. Ishlab chiqarish amaliyotlari
Professor-o‘qituvchilar tarkibi
2025-o‘quv yili holatiga ko‘ra kafedrada jami 21 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, shundan 9 nafari asosiy shtatda, 12 nafari ichki va tashqi o‘rindoshlik asosida ish olib bormoqda. Kafedrada 2 nafar fan doktori hamda 1 nafar fan nomzodi faoliyat yuritadi.
Kafedraning asosiy shtat bo‘yicha ilmiy salohiyati taxminan 14 %ni, ichki va tashqi o‘rindoshlarni hisobga olgan holda esa 10 %ni tashkil etadi. Joriy o‘quv yilida kafedraning 2 nafar xodimi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka hujjat topshirgan.
Kafedraga 2020-yildan buyon tibbiyot fanlari doktori, professor F.Y. Yuldashev rahbarlik qilib kelmoqda.
Yuldashov Fayzulla Yuldashovich
Tibbiyot fanlari doktori, professor
“Urologiya va onkologiya” kafedrasi mudiri
1956-yil 27-martda Qirg‘iziston Respublikasi, O‘sh shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — vrach-urolog. Ta’limi 1978-yil — Qirg‘iz davlat tibbiyot instituti. Fayzulla Yuldashovich ko‘p yillik mehnat faoliyatini sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim tizimiga bag‘ishlagan. Umumiy ish staji 44 yilni, ilmiy va pedagogik ish staji 30 yilni tashkil etadi. Jumladan, pedagogik faoliyati 20 yil bo‘lib, kafedra professori lavozimida 8 yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kunda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining “Urologiya va onkologiya” kafedrasi mudiri lavozimida ishlamoqda. 1992-yil — tibbiyot fanlari nomzodi, 1998-yil — tibbiyot fanlari doktori, Fayzulla Yuldashovich 1998-yilda Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti huzuridagi №D.087.09.01 ixtisoslashgan Kengashda «Заболеваемость мочекаменной болезнью в Узбекистане и пути её снижения» mavzusida 14.00.40 — Urologiya ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan (Diplom 04 №000887, 1999-yil 15-aprel). Ilmiy va pedagogik faoliyati Professor Yuldashov uzoq yillar davomida urologiya va onkologiya sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borib, tibbiyot sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlashda, yosh olimlarga ilmiy rahbarlik qilishda hamda amaliy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Yigitaliyev Alisher Baxodir o‘g‘li
Urologiya va onkologiya kafedrasi assistenti
Mutaxassisligi — onkolog
1991-yil 13-fevralda Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. 2018-yil — Toshkent tibbiyot akademiyasi (bakalavr) 2021-yil — Toshkent tibbiyot akademiyasi (magistratura) Mehnat faoliyatini 2018-yilda Bag‘dod tumani tibbiyot birlashmasida umumiy amaliyot shifokori sifatida boshlagan. Keyingi yillarda So‘x tumani tibbiyot birlashmasida amaliy faoliyat olib borgan hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Onkologiya kafedrasida magistrant sifatida tahsil olgan. 2021–2023-yillarda Farg‘ona jamoat salomatligi institutida mas’ul rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2023-yil 4-sentabrdan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi assistenti lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Avazxanov Jaloliddin Payzilidinovich
Urologiya va onkologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi
Tibbiyot fanlari nomzodi
Mutaxassisligi — urolog, onkolog, UZI shifokori, bolalar urolog-andrologi
1982-yil 11-aprelda Qirg‘iziston Respublikasi, Osh viloyati, Aravon qishlog‘ida tug‘ilgan. 2005-yil — O‘sh davlat universiteti tibbiyot instituti  Jaloliddin Payzilidinovich mehnat faoliyati davomida Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi yetakchi tibbiyot muassasalarida vrach-urolog hamda bo‘lim mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2019–2023-yillarda I.I. Mechnikov nomidagi Shimoliy-G‘arbiy davlat tibbiyot universitetida aspiranturada tahsil olgan. 2024-yildan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimida samarali faoliyat olib bormoqda.

Ergashov Umar Shuxrat o‘g‘li
Urologiya va onkologiya kafedrasi assistenti
Mutaxassisligi — vrach-urolog
1985-yil 31-martda Toshkent viloyati, Toshkent tumanida tug‘ilgan. 2011-yil — Toshkent tibbiyot akademiyasi, 2011–2013-yillarda Moskva shahridagi Urologiya ilmiy-tadqiqot institutida klinik ordinaturada tahsil olgan. Keyingi yillarda davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarida vrach-urolog sifatida amaliy faoliyat olib borgan. 2022-yil 5-sentabrdan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi assistenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Abdurashidov Axrorjon Axmatjon o‘g‘li
Urologiya va onkologiya kafedrasi assistenti
Mutaxassisligi — urolog
1994-yil 30-oktabrda Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. 2020-yil — Dnepropetrovsk tibbiyot akademiyasi, 2020–2022-yillarda klinik ordinaturada tahsil olgan. Shundan so‘ng xususiy tibbiyot muassasalarida vrach-urolog sifatida amaliy faoliyat yuritgan. 2022-yil 3-oktabrdan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi assistenti lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Saloxiddinov Eldor Shuxratjon o‘g‘li
Urologiya va onkologiya kafedrasi assistenti
Mutaxassisligi — vrach-urolog
1994-yil 12-avgustda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 2019-yil — Andijon davlat tibbiyot instituti 2021-yil — Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti (ordinatura, urologiya) 2019-yilda Farg‘ona shahar 3-oilaviy poliklinikasida boshlagan. 2020–2022-yillarda urologiya yo‘nalishida ordinaturada tahsil olgan. 2021–2023-yillarda xususiy tibbiyot muassasasida vrach-urolog sifatida amaliy faoliyat yuritgan. 2023-yil 28-martdan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi assistenti lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Saminov Tohirbek To‘lqinjon o‘g‘li
Urologiya va onkologiya kafedrasi assistenti
Mutaxassisligi — vrach-urolog, androlog
1995-yil 26-martda Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 2020-yil — Andijon davlat tibbiyot instituti. 2023-yil — Toshkent tibbiyot akademiyasi,  Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarida vrach-urolog sifatida faoliyat yuritgan. 2020–2023-yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasida magistratura bosqichida tahsil olgan. 2023-yil 1-sentabrdan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi assistenti lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Valiyev Husan Toxirovich
Urologiya va onkologiya kafedrasi assistenti
Mutaxassisligi — vrach-urolog, endourolog
1987-yil 20-fevralda Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanida tug‘ilgan. 2012-yil — Andijon davlat tibbiyot instituti (bakalavr) 2015-yil — Andijon davlat tibbiyot instituti (magistratura) Mehnat faoliyati 2015-yilda Andijon tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikada vrach-urolog sifatida faoliyat boshlagan. 2016-yildan Farg‘ona shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasida vrach-urolog bo‘lib ishlagan. 2016–2018-yillarda “ABBOTT Laboratories Ltd” farmatsevtik kompaniyasida tibbiy konsultant sifatida faoliyat yuritgan. 2018–2024-yillar davomida Fayzulla Yuldashev nomli xususiy tibbiyot markazida vrach-urolog lavozimida ishlagan. 2024-yil 9-yanvardan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi assistenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Umurzakov Jamshidbek Jamolitdin o‘g‘li
Urologiya va onkologiya kafedrasi stajor-o‘qituvchisi
Mutaxassisligi — urolog
1994-yil 29-sentabrda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 2021-yil — Andijon davlat tibbiyot instituti (bakalavr) 2024-yil — Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti (magistratura)  2022–2024-yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida amaliy faoliyat yuritgan. 2024-yil 4-sentabrdan buyon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti “Urologiya va onkologiya” kafedrasi stajor-o‘qituvchisi lavozimida ishlamoqda.

Kafedraning o‘quv-uslubiy faoliyati
Kafedrada “Davolash ishi” fakultetining 4–5-bosqich talabalari, shuningdek “Xalq tabobati” yo‘nalishining 3-bosqich talabalari tahsil oladilar. O‘quv jarayoni “Urologiya” va “Onkologiya” fanlari bo‘yicha modulli dasturlar asosida tashkil etilgan. Hozirgi kunda kafedrada ushbu tibbiy yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashayotgan 35 nafar klinik ordinator va internlar oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni o‘tamoqda.
Kafedrada ta’lim tizimi quyidagi tasdiqlangan hujjatlar asosida tashkil etilgan:
  • Malakaviy tavsifnoma;
  • Davlat ta’lim standarti;
  • O‘quv dasturi;
  • Ishchi o‘quv dasturi (sillabus).
Ta’lim texnologiyalariga quyidagilar joriy etilgan:
  • O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining №80-sonli buyrug‘iga muvofiq kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar;
  • Tasdiqlangan diagnostika standartlari;
  • Xalqaro klinik tavsiyalar.
Kafedra xodimlari tomonidan talabalar uchun ishchi daftarlar hamda bosqichma-bosqich o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda o‘quv rejasiga muvofiq amaliy ko‘nikmalarni bosqichma-bosqich egallash algoritmlari batafsil yoritilgan.
 
O‘quv jarayonining texnik jihozlanishi
O‘quv jarayoniga tematik videofilmlar, taqdimotlar, multimediya dasturlari, shuningdek ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar materiallarini markazlashtirilgan kompyuter tarmog‘iga ulangan televizorlar orqali namoyish etish imkonini beruvchi telekommunikatsiya tizimi joriy etilgan.
Shuningdek, yagona o‘quv-uslubiy ta’limni ta’minlash maqsadida skanerlangan tasvirlardan iborat yagona bank shakllantirilgan. Ushbu bank o‘quv dasturining barcha bo‘limlariga to‘liq mos keladi hamda mutaxassislar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan barcha vizual materiallarni qamrab oladi.
Kafedraning kutubxona fondi
Kafedra ixtiyorida kutubxona mavjud bo‘lib, uning fondi ingliz, o‘zbek va rus tillarida chop etilgan 20 dan ortiq nomdagi o‘quv adabiyotlarini o‘z ichiga oladi.
Elektron kutubxona keng qamrovli resurslarni o‘z ichiga oladi, jumladan:
  • Darsliklar va atlaslar;
  • O‘quv hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar;
  • Qo‘shimcha ta’limiy materiallar.
Talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlashga barcha zarur sharoitlar yaratilgan: tematik bemorlarni klinik ko‘rikdan o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyati tashkil etilgan hamda jarrohlik amaliyotlarida bevosita qatnashish imkoniyati ta’minlangan.

Xalqaro hamkorlik
Bugungi kunda Urologiya va Onkologiya kafedrasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘lib, bu kafedraning jahon ta’lim makonidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan. Kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor F. Yo‘ldashev rahbarligida Qozog‘iston Respublikasining Astana Tibbiyot universiteti Urologiya kafedrasi bilan hamkorlikda istiqbolli ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mazkur hamkorlik doirasida akademik mobillik dasturi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, joriy yilning noyabr oyida kafedra assistenti T. T. Saminov Turkiyaning Izmir shahriga tashrif buyurib, Ege universitetining Urologiya kafedrasi bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
 
 
 

Kafedraning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati
Yosh avlodga g‘amxo‘rlik qilish, sog‘lom va har tomonlama barkamol shaxsni tarbiyalash o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va hayot falsafasining ustuvor jihatlaridan hisoblanadi. Shu bois, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti Urologiya va Onkologiya kafedrasida ma’naviy-ma’rifiy faoliyat ishning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar kafedrada tasdiqlangan yillik reja asosida tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Faoliyatning asosiy yo‘nalishlari
Kafedraning professor-o‘qituvchilar jamoasi talabalar bilan muntazam ravishda odob-axloq qoidalari, jamiyatda o‘zini tutish madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyati, shuningdek zararli odatlarning (chekish va spirtli ichimliklar iste’moli) salbiy oqibatlari haqida ma’rifiy suhbatlar olib boradi.
Ma’naviy-ma’rifiy faoliyatning asosiy vazifalari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning asarlari va ma’ruzalari, Oliy Majlis hamda Vazirlar Mahkamasining farmon va qarorlarini o‘rganish;
Yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish, ularni vatanparvarlik, insonparvarlik va bunyodkorlik ruhida tarbiyalash;
Sog‘lom turmush tarzi falsafasini singdirish;
Talabalarning siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
Mamlakat va jahonda sodir bo‘layotgan ijtimoiy, siyosiy, ilmiy hamda madaniy voqealar haqida o‘z vaqtida xabardor qilish;
Kafedra yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy to‘garaklar va ijtimoiy loyihalar orqali talabalarning mazmunli bo‘sh vaqtini tashkil etish.
Davlat tashabbuslari doirasidagi ishlar
Institutning Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi topshiriqlariga muvofiq, kafedra o‘qituvchilari quyidagi mavzular bo‘yicha faol targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradilar:
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi»;
«Zararli odatlarga qarshi kurash»;
«COVID-19 kasalligini oldini olish va unga qarshi kurashish choralari».
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mamlakat rivojlanish strategiyasi va Prezident tomonidan yoshlar uchun ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus”ni amalga oshirish doirasida davom ettirilmoqda.
Sog‘lom turmush tarzi va jismoniy madaniyat
Talabalarga sog‘lom turmush tarzining afzalliklari muntazam tushuntiriladi. Zarurat tug‘ilganda, kafedrada tahsil olayotgan talabalar yetakchi mutaxassislardan malakali tibbiy maslahat va yordam olish imkoniga ega bo‘ladilar.
O‘tkazilgan tadbirlar misollari
Butunjahon OIV/SPIDga qarshi kurash kuni munosabati bilan kasallikning yuqish yo‘llari, simptomlari va oqibatlari haqida seminarlar o‘tkazildi;
“Zararli odatlarga qarshi kurash” mavzusida operativ tadbirlar natijalari bo‘yicha materiallar taqdim etildi;
Talabalar uchun sog‘lom turmush tarzining tamoyillariga rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.