Xalqaro kelishuv
Viloyat tibbiyot tizimini rivojlantirishda Germaniyaning Mangeym universiteti klinikasi hamda “OPASCA” kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning Mangeym universiteti klinikasi rahbari Freddi Bergmann, klinika moliyaviy direktori Zoye Morgenshtern hamda “OPASCA GmbH” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlovni qabul qildi. Uchrashuvda viloyat tibbiyot tizimini rivojlantirishda Germaniyaning ilg‘or tajribasini joriy qilish, viloyat sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, mavjud bemorlar va kasalliklarni yagona monitoring bazasini yaratish, farg‘onalik shifokorlarning Germaniyada malaka oshirish va tajriba almashinishlarini yo‘lga qo‘yish, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti hamda Mangeym universiteti o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilindi. Germaniya tibbiyot sohasi vakillarining tashrifi viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona delegatsiyasining joriy yil iyul oyida Germaniyaga safari davomida Mangeym universiteti klinikasida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘ldi. Uchrashuv davomida Farg‘ona viloyati hokimligi, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Mangeym universiteti klinikasi, “OPASCA GmbH” kompaniyasi o‘rtasida xalqaro hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi.