Virtual qabulxona

+998 95 202-23-45 +998 95 302-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Xalqaro hamkorlik

Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga Yaponiyaning Niigata universiteti delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan keldi.

Bugun Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida xalqaro hamkorlikning yangi sahifasi ochildi. Yaponiyaning nufuzli Niigata universiteti rektori, professor Noboru Sato boshchiligidagi delegatsiya institutga tashrif buyurib, xalqaro tibbiyot ta’limi va ilm-fan sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida muzokaralar o'tkazildi. Delegatsiyaga Yaponiya tibbiy ta'lim markazi dotsenti Shihoko Yamakava va professor Olga Razvina hamrohlik qildi. Mehmonlar institut rektori, professor Akmal Sidikov va bir qator mas'ullar tomonidan tantanali kutib olindi.

Tashrif doirasida mehmonlar institutda yaratilgan imkoniyatlar, yangi zamonaviy laboratoriyalar, amaliy tibbiy ko'nikmalarni oshirishga moʻljallangan simulyatsiya markazlari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu hamkorlik nafaqat talabalarning bilim va ko'nikmalarini oshirish, balki xalqaro tibbiyot hamjamiyatida ilmiy tadqiqotlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Ikki oliygoh o'rtasida bo'lib o'tgan muzokaralar davomida sifatli tibbiy ta'limni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash jarayonida ilg'or texnologiyalarni qo'llash, professor-o'qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini yo'lga qo'yish, shuningdek, qo'shma ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi masalalar keng muhokama qilindi. Muzokaralar jarayonida tomonlar o'zaro tajriba almashish, zamonaviy dars metodikalari va sog'liqni saqlash sohasidagi yutuqlarni amaliyotga joriy etish bo'yicha kelishuvlarga erishdilar.

Professor Noboru Sato o'z nutqida shunday ta'kidladi: “Bugungi hamkorlik nafaqat o'zaro ilmiy va akademik tajribani kengaytiradi, balki ikki oliygoh uchun ham katta imkoniyatlar ochib beradi. Sifatli tibbiy ta'lim – kelajakda sog'liqni saqlash tizimini mustahkamlash va aholi salomatligini yaxshilash uchun eng muhim omildir. Bizni birlashtirgan hamkorlikning asosiy maqsadi – tibbiy ta’limdagi eng so'nggi yutuqlarni o‘zaro bo‘lishish, hamkorlikda tadqiqotlar olib borish va yangi avlod shifokorlarini tayyorlashdan iborat.”

Institut rektori, professor Akmal Sidikov esa o'z nutqida ushbu xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta'kidlab shunday dedi: “Niigata universiteti kabi nufuzli oliygoh bilan hamkorlik biz uchun katta sharaf. Bu nafaqat o'z ilmiy salohiyatimizni oshirish, balki tibbiyot sohasida xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash imkonini ham beradi. Bizning maqsadimiz – talabalarimiz va professor-o‘qituvchilarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratish, o‘zaro bilim va tajribalarni almashish hamda zamonaviy tibbiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishdir.”

Ushbu uchrashuv xalqaro ta’lim hamkorligini mustahkamlash va yangi ilmiy istiqbollarni belgilash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ikki oliygoh vakillari o'rtasida erishilgan kelishuvlar xalqaro tibbiy ta'lim standartlariga mos kadrlar tayyorlash va sog‘liqni saqlash tizimiga hissa qo‘shish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.