Virtual qabulxona

+998 95 202-23-45 +998 95 302-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Xalqaro hamkorlik

Oliy ta'lim va tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida, AQShning nufuzli Franklin universiteti vitse-prezidenti Godfrey Mendes boshchiligidagi delegatsiya Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga rasmiy tashrif buyurdi. Tashrifda delegatsiyaga O'zbekiston-Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi prezidenti Alisher Dadabayev hamrohlik qildi. Mehmonlarni oliygoh rektori, professor Akmal Sidikov va institutimizning bir qator mas'ul xodimlari tantanali ravishda kutib olishdi. Tashrif davomida Franklin universiteti va Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti o‘rtasida ilgari imzolangan hamkorlik memorandumining amaliyotga joriy etilishi muhokama qilindi. Uchrashuvda tibbiy ta’lim sohasidagi yangi yondashuvlar, talabalarga yanada keng imkoniyatlar yaratish, zamonaviy o‘quv dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim qadamlar tashlandi. Xususan, hamkorlik doirasida tibbiyot bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari, malaka oshirish dasturlari va professor-o'qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirildi.

Yig‘ilishda Franklin universitetining tibbiy ta'lim sohasidagi ilg‘or dasturlari taqdim etildi. Jumladan, hamshiralarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturlari alohida ta’kidlandi. Bu dasturlar xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda katta ahamiyatga ega bo'lib, talabalar uchun AQShda stajirovka va ish tajribasini oshirish imkoniyatlarini yaratadi. Uchrashuv davomida ikki oliygoh vakillari tibbiy ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish bo'yicha kelishib oldilar. Ular o‘rtasidagi yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, shu jumladan xalqaro grantlar va ilmiy izlanishlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish masalalari muhokama qilindi. Hamkorlik doirasida nafaqat talabalarning, balki o‘qituvchilarning ham bilim va malakalarini oshirish bo‘yicha maxsus trening va seminarlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda Franklin universiteti vakillari zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni tibbiy ta’limga joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratdilar. Yangi raqamli platformalar, tibbiy simulyatsiya uskunalari va ilg‘or texnologik vositalardan foydalanish orqali tibbiy ta’lim jarayonini takomillashtirish rejalari muhokama qilindi. Bu Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabalari uchun ilg‘or amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tashrif so‘ngida Franklin universiteti delegatsiyasi va Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti o‘rtasidagi kelgusidagi rejalar haqida muzokaralar davom etdi. Bu kelishuv nafaqat tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi, balki global darajada O‘zbekistonning ta'lim tizimini rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi. Oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi bunday hamkorlik mamlakatimizda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, yangi innovatsiyalarni joriy etish va zamonaviy kadrlarni tayyorlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tashrif ikki mamlakat o'rtasidagi ta'lim va tibbiyot sohasidagi strategik hamkorlikning mustahkamlanishiga yangi yo'nalishlar ochib berdi. Franklin universiteti va Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti o'rtasidagi bu hamkorlik mamlakatimiz talabalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning jahon darajasida raqobatbardosh bo‘lishlariga xizmat qiladi.