Xalqaro hamkorlik
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining 2 nafar professor-o‘qituvchisi Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Chongqing Medical Universityda xitoy tabobati yo‘nalishi bo‘yicha 2 haftalik malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. Mazkur malaka oshirish dasturi doirasida ishtirokchilar an’anaviy xitoy tabobatining amaliy yo‘nalishlari, davolash jarayonida qo‘llaniladigan tabiiy va kompleks yondashuvlar, shuningdek, zamonaviy tibbiyotda keng qo‘llanayotgan diagnostika va klinik baholash usullari bilan yaqindan tanishmoqda. Dastur trening, ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar orqali tashkil etilib, unda kasalliklarni oldini olish, bemorni kompleks tahlil qilish hamda individual davolash yondashuvlarini qo‘llash bo‘yicha tajriba almashilmoqda.
Shuningdek, tashrif davomida xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, klinik yo‘nalishda tajriba almashish, akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolda qo‘shma ilmiy loyihalar va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Ushbu tashabbus institutda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.


Русский
English