Xalqaro hamkorlik
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Shunji Nagai Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga tashrif buyurdi. Mehmonni oliygoh prorektorlari va mas’ul xodimlari institutning "Oq uy" binosida kutib olib, oliygohning faoliyati, ta’lim jarayonlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdilar. Tashrif davomida Shunji Nagai ilmiy va ta’limiy islohotlar, zamonaviy laboratoriyalar, simulyatsion markazlar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. U, shuningdek, institut talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun xalqaro tajriba almashinuvi, ilmiy hamkorlik va innovatsion loyihalarning ahamiyatini ta’kidladi.
Uchrashuvda quyidagi muhim masalalar muhokama qilindi:
- Tibbiy ta’lim jarayonlariga yangi yondashuvlar kiritish;
- Zamonaviy innovatsion loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilish;
- Yaponiyaning JICA kompaniyasi bilan aloqalarni kengaytirish;
- Talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro grand tanlovlarini ko‘paytirish;
- Yaponiyada stajirovka va malaka oshirish imkoniyatlarini oshirish.
Shuningdek, JICA dasturi orqali o‘zbek talabalari va tibbiyot mutaxassislarini Yaponiyada o‘qitish va tajriba almashish imkoniyatlarini yaxshilash haqida takliflar kiritildi. Muzokaralar yakunida tomonlar do‘stona aloqalarni mustahkamlashga va hamkorlikni rivojlantirishga ishonch bildirdilar. Uchrashuv davomida ramziy esdalik sovg‘alari almashilib, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu tashrif Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va Yaponiyaning ilmiy-tibbiy doiralari o‘rtasidagi yangi hamkorlik bosqichiga yo‘l ochishi kutilmoqda.