Vatan himoyachilari kuni

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami ko‘tarinki kayfiyat va yuksak ruhda nishonlandi.
Bayram munosabati bilan institutda bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Davolash ishi hamda Tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi fakultetlarida davra suhbatlari, muloqotlar va targ‘ibot uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlarda Vatan tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrash, xalq farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilish kabi ezgu g‘oyalar keng tarannum etildi.
Tadbirlar davomida Vatanga sadoqat, fidoyilik, jasorat, intizom va mas’uliyat singari yuksak fazilatlar ulug‘lanib, talaba-yoshlarning qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvlarda bugungi tinch hayot ortida Vatan himoyachilarining mashaqqatli mehnati, sergakligi va matonati mujassam ekani ta’kidlanib, yoshlar o‘rtasida vatan oldidagi burchni chuqur anglash, yurt ravnaqi uchun bilimli va tashabbuskor bo‘lib yetishish g‘oyalari mustahkamlandi.

Shuningdek, yurt tinchligi va xalq salomatligi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar hamda tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Tadbir ishtirokchilari bu ikki soha vakillarini birlashtirib turadigan umumiy maqsad — inson hayoti, tinchlik va xavfsizlikni asrash ekanini qayd etib, ularning zahmatli faoliyati har doim hurmat va e’zozga munosibligini bildirdilar.
Bayram tadbirlari barchaga ko‘tarinki ruh, ezgu niyat va faxr tuyg‘usini ulashib, yosh avlodni Vatanga muhabbat, elga sadoqat va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Русский
English