Tibbiyot texnikumida o‘tkazilgan mahorat darslari
Tibbiyot texnikumlarida o‘quvchilarning tibbiy bilimlarini oshirish maqsadida mahorat darslari o‘tkazildi
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tomonidan viloyatdagi tibbiyot texnikumlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning tibbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, pedagog kadrlarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida muntazam ravishda turli o‘quv-amaliy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Joriy yilning 9-oktyabr kuni shu yo‘nalishdagi navbatdagi mahorat darslari Beshariq tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi tibbiyot texnikumida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institutning Akademik litsey va texnikumlarga metodik yordam berish sektori bosh mutaxassisi N. Shokirova, shuningdek, “Ovqatlanish, bolalar va o‘smirlar gigiyenasi” kafedrasi jamoasi — kafedra mudiri M. Ashurova, katta o‘qituvchilar H. Xojimatov va R. Xaitov, hamda kafedra assistenti K. Saydullayeva ishtirok etishdi.
Mahorat darslari davomida “Yurak-qon tomir kasalliklarida ovqatlanishning ahamiyati” hamda “Talabalar ovqatlanishining gigiyenik asoslari” mavzularida ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Professor-o‘qituvchilar tinglovchilarga inson organizmining to‘laqonli rivojlanishida to‘g‘ri ovqatlanishning o‘rni, ovqatning energiya manbai sifatidagi ahamiyati, muvozanatli ovqatlanishning immunitetni mustahkamlashdagi roli, hamda diabet va yuqori xolesterin kabi kasalliklarning oldini olishdagi ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etdilar.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etishdi va mutaxassislardan amaliy tavsiyalar olishdi. Ochiq dars yakunida N. Shokirova o‘quvchilarga Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida mavjud fakultetlar, yo‘nalishlar va mutaxassisliklar, shuningdek, talabalarga yaratilgan sharoitlar hamda imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Mazkur tashabbus yoshlarning tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va kelajakda malakali tibbiyot mutaxassislari bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.