Talaba yoshlar uchrashuvi

Davlat rahbarining yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida vazirliklar, idoralar hamda mahalliy hokimliklarda “Rahbarlar va yoshlar” formatidagi uchrashuvlarni tizimli ravishda tashkil etish zarurligi alohida ta’kidlangan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Boboyev Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga tashrif buyurib, talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida institutning ilmiy-ta’limiy salohiyati, uning nufuzi hamda ta’lim sifati yildan yilga ortib borayotgani qayd etildi. Xususan, 2024-yil yakunida muassasaning pediatriya, stomatologiya va farmatsiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari nufuzli “IAAR — Independent Agency for Accreditation and Rating” xalqaro agentligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgani oliy ta’lim muassasasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.

Muloqot jarayonida faol va iqtidorli talabalarning taklif hamda tashabbuslari tinglandi. Shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ilmiy, kasbiy va ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan istiqboldagi chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, uchrashuv savol-javob ruhida tashkil etilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosaridan atroflicha va asosli javob oldilar.


Русский
English