Rektor va talabalar uchrashuvi
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori, professor Akmal Sidikov, talabalari bilan ochiq va samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu tadbirda 3- va 4-bosqich talabalari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi talabalarning ta’lim jarayonidagi ehtiyojlarini va fikr-mulohazalarini tinglash edi. Professor Akmal Sidikov, oliygohda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi o‘quv dasturlari va ilmiy izlanishlar bo‘yicha loyihalar haqida ma’lumotlar berdi. Ta’lim sifatini oshirish, talabalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, va ijtimoiy masalalarni hal qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, o‘quv jarayonida uchraydigan muammolar, amaliyot imkoniyatlari va shaxsiy tashabbuslar haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Rektor har bir masalani diqqat bilan tinglab, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga va’da berdi. U talabalarni o‘z bilimlarini oshirish, kasbiy malakalarni mustahkamlash va oliygohning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga chaqirdi. Uchrashuvda rektor, talabalarga kelajak rejalashtirish, ilmiy izlanishlar va xalqaro loyihalarda qatnashish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Fakultet dekanlari va kafedra mudirlari esa talabalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Ushbu uchrashuv talabalar va rahbariyat o‘rtasida ochiq muloqotni rivojlantirish, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.