Rektor tabrigi
30-iyun – Yoshlar kuni: ijtimoiy taraqqiyotda yoshlarning o‘rni va salohiyatini ro‘yobga chiqarishning strategik omili
Yoshlar – har qanday jamiyatning eng muhim demografik va intellektual resursi hisoblanadi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasida 30-iyun sanasi “Yoshlar kuni” sifatida nishonlanib, bu kun yosh avlodning jamiyatdagi o‘rni, ularning ilm-fan, madaniyat, sport va innovatsion sohalardagi faolligini e’tirof etish, shuningdek, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatida qaraladi.
Mazkur sana 2017-yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Yoshlar kuni”ni nishonlash taklifi bilan ilgari surilgan va ushbu tashabbus davlat siyosati darajasida mustahkamlandi.
Har yili 30-iyun munosabati bilan mamlakatimizda yoshlar salohiyatini namoyon etishga xizmat qiluvchi keng ko‘lamli tadbirlar: sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy anjumanlar, ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari va konsert dasturlari tashkil etiladi. Ushbu tadbirlar yosh avlodning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi.
Yoshlar kuni faqatgina bayram emas, balki u o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilayotgan yangi avlod vakillariga yangi imkoniyatlar eshigini ochadigan motivatsion omil sifatida e’tirof etiladi. Bu sana yoshlarni Vatan ravnaqi yo‘lida faol ishtirok etishga undash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishda rag‘batlantirish va jamiyat taraqqiyotiga faol hissa qo‘shishga ilhomlantirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Shu bois, Yoshlar kuni nafaqat ijtimoiy e’tirof ramzi, balki u kelajak bunyodkorlariga bo‘lgan ishonchning mustahkam ifodasidir.