Qonunchilikdagi yangiliklar
Talabalarning buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorligini tashkil etish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-yanvardagi 8-son qarori bilan “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining buyurtmachilar bilan hamkorligini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat 2026-yil 12-yanvardan kuchga kirgan.
Nizomning maqsadi va qo‘llanish doirasi
Nizom zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash, ish beruvchilar ehtiyojiga muvofiq ta’lim jarayonini yaqinlashtirish hamda bitiruvchilarni kafolatli ish bilan ta’minlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Hujjat bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida 2-kurs va undan yuqori bosqichda tahsil olayotgan talabalar orasidan munosib nomzodlarni saralash, ularning o‘qishi uchun shartnoma to‘lovlarini buyurtmachi (ish beruvchi) tomonidan qoplab berish, shuningdek, ta’lim yakunida ishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Asosiy tushunchalar
Nizomda jarayon ishtirokchilarining maqomi aniq ta’riflangan:
-
Buyurtmachi — ishchilar soni 50 nafardan ortiq bo‘lgan yoki qiymati kamida 1 mln AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora hamda tashkilotlar;
-
Talabgor — bitirgach buyurtmachi tashkilotda ishlab berish sharti bilan saralashda ishtirok etuvchi 2-kurs va undan yuqori kurs talabasi;
-
Tanlov komissiyasi — oliy ta’lim tashkilotida tuziladigan saralash komissiyasi;
-
Uch tomonlama shartnoma — buyurtmachi, oliy ta’lim tashkiloti va talabgor o‘rtasida tuziladigan, shartnoma to‘lovini qoplash hamda bitirgach ishlab berish shartlarini belgilovchi hujjat.
Ta’lim jarayonini mehnat bozori bilan bog‘lash mexanizmlari
Nizom doirasida buyurtmachining ta’lim jarayoniga institutsional ta’siri quyidagilar orqali mustahkamlanadi:
-
Qo‘shimcha ta’lim modullari
Buyurtmachilar taklifiga ko‘ra, tegishli yo‘nalishda asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha modullar tanlov fani sifatida joriy etilishi, ular bo‘yicha talabalarga kredit ballari berilishi mumkin. Bunday takliflar har yili 1-avgustgacha qabul qilinadi. -
Semestr yakunlari bo‘yicha monitoring
Oliy ta’lim tashkiloti buyurtmachiga talabani baholash hamda uning shaxsiy ta’lim trayektoriyasini shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida fanlarni o‘zlashtirishni har semestr yakuni bo‘yicha monitoring qilish imkoniyatini yaratadi. -
Bitiruv malakaviy ishi (BMI) mavzusini amaliy yo‘naltirish
Uch tomonlama shartnoma tuzilgan talabaning BMI mavzusi buyurtmachining takliflari asosida, uning faoliyati yoki investitsiya loyihasiga oid masalalardan kelib chiqib belgilanadi.
Saralash jarayoni: mezonlar va muddatlar
Nizom saralash bosqichlarini aniq muddatlar bilan belgilaydi:
-
Oliy ta’lim tashkiloti buyurtmachining kadrlarga ehtiyoji, tanlov shartlari va talabgorlar uchun qo‘yiladigan talablarni har yili 10-sentabrgacha rasmiy veb-sayt va rasmiy sahifalarda e’lon qiladi.
-
Talabalar har yili 20-sentabrgacha elektron ariza topshiradi; arizaga o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotnoma (transkript) ilova qilinadi.
-
Talabgorlar uchun asosiy akademik talab: joriy o‘quv yilida GPA 3,0 va undan yuqori (zarurat bo‘lsa buyurtmachi takliflari asosida oliy ta’lim tashkiloti mezonlarga o‘zgartirish kiritishi mumkin).
-
Tanlov komissiyasi rektor (direktor) buyrug‘i bilan tuziladi, kamida 5 nafar a’zodan iborat bo‘ladi; tarkibiga oliy ta’lim tashkiloti xodimlari va buyurtmachi vakillari kiritiladi, komissiyaga o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) raislik qiladi.
-
Saralash (suhbat) har yili 15-oktabrgacha o‘tkaziladi. Suhbatda 4 yo‘nalish bo‘yicha savollar beriladi (sohadagi islohotlarni tushunish, motivatsiya, yo‘nalish bo‘yicha bilim-ko‘nikma, shartnoma majburiyatlarini anglash).
-
Saralashda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon hisoblanadi
Uch tomonlama shartnoma va ishga qabul qilish kafolati
Suhbat natijasiga ko‘ra buyurtmachi, oliy ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Shartnoma va uning shartlari tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida shakllantiriladi.
Uch tomonlama shartnoma tuzgan va ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar o‘qishni bitirgach buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.
Nizomda alohida tartibga solinmagan masalalar uch tomonlama shartnomada belgilangan shartlar asosida hal etiladi; Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi qayd etilgan.

Русский
English