O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Davolash ishi va Pediatriya fakultetlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining Davolash ishi va Pediatriya fakultetlarida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishga ega tantanali tadbirlar tashkil etildi. Mazkur tadbirlar yoshlar ongida Vatanga sadoqat, davlat ramzlariga hurmat va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, institutning tarbiyaviy ishlar tizimidagi muhim an’analardan biri sifatida namoyon bo‘ldi.
Tadbir davomida talabalarga O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, undagi ranglar va ramziy unsurlarning ma’no-mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi. Davlat bayrog‘idagi ko‘k, oq va yashil ranglar, shuningdek, oy va yulduzlar tasviri mamlakatning tarixiy ildizlari, mustaqillik g‘oyasi, xalqimizning tinchlik, taraqqiyot va bunyodkorlikka intilishi bilan bog‘liq ekanligi ilmiy-nazariy nuqtai nazardan sharhlab berildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy yutuqlar, davlat ramzlarining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va axamiyati alohida ta’kidlandi. Davlat ramzlari nafaqat konstitutsiyaviy belgi, balki jamiyatda milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy birlik va fuqarolik pozitsiyasini shakllantiruvchi muhim omil ekani qayd etildi.
Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan Vatan va bayroq madhiga bag‘ishlangan she’rlar, qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va kompozitsiyalar namoyish etildi. Ushbu chiqishlar talabalarning ijodiy salohiyati, badiiy didi va Vatanga bo‘lgan samimiy munosabatini aks ettirib, tadbirga bayramona, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv talabalarda O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga nisbatan hurmat, milliy g‘urur, Vatanga mehr-muhabbat va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir natijasida talabalarning nafaqat kasbiy kompetensiyalari, balki ularning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi va fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirish yo‘lida muhim qadamlardan biri amalga oshirildi.

Русский
English