Mehr - muruvvat- ezgu-tilaklar
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabalari tomonidan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazining Farg‘ona viloyat filialida “Ezgu tilaklar doskasi” marafoni tashkil etildi. Mazkur marafonning asosiy maqsadi — davolanish jarayonida bo‘lgan bemorlarning ruhiy holatini yengillashtirish, ularga iliq so‘zlar, mehr va e’tibor orqali ijobiy kayfiyat ulashishdan iboratdir. Tadbir davomida institut talabalari markazga tashrif buyurib, bemorlar uchun maxsus “Ezgu tilaklar doskasi”ni tayyorlashdi.
Unga ular samimiy tilaklar, ruhlantiruvchi fikrlar va iliq tabriklarini yozib qoldirishdi. Har bir so‘z bemorlarga yangi kuch, umid va hayotga bo‘lgan ishonchni baxsh etdi. Tashabbus doirasida talaba-yoshlar bemorlar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazib, ularning holidan xabar olishdi hamda ijobiy muhit yaratishga hissa qo‘shishdi. Tadbir ishtirokchilari bu kabi insonparvarlik tashabbuslari bemorlarning ruhiy tiklanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. “Ezgu tilaklar doskasi” marafoni Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabalari orasida ijtimoiy faollik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi insoniy qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.