Konstitutsiya
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori, professor Akmal Sidikovning bayram tabrigi
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni yurtimiz uchun qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan chin dildan tabriklayman!
Konstitutsiyamiz – xalqimizning ozodlik va mustaqillik yo‘lida erishgan buyuk yutug‘i, jamiyatimizning taraqqiyoti va barqarorligi kafolati hisoblanadi. Asosiy Qonunimiz xalqimizning orzu-intilishlarini, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiluvchi mustahkam poydevordir. Unda belgilangan tamoyillar davlatimiz siyosatining barcha yo‘nalishlarida, jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida ham o‘z ifodasini topmoqda.
Konstitutsiyada har bir fuqaroning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi kafolatlangan. Bu tamoyil yillar davomida davlatimiz tomonidan izchil amalga oshirilib, bugungi kunda xalqimizning salomatligini mustahkamlash va tibbiyot sohasini rivojlantirishda muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti ham ushbu yuksak maqsadlarga xizmat qiluvchi zamonaviy tibbiy bilimlar va ilg‘or tajribalarni talabalarga yetkazish, sog‘liqni saqlash tizimiga yuqori malakali mutaxassislar yetkazib berish orqali o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Konstitutsiyamizning hayotbaxsh kuchi jamiyatimizdagi har bir fuqaroning taqdirida, jumladan, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va innovatsion yondashuvlarni hayotga tatbiq etishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, institutimizda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va talabalarning jahon andozalariga mos bilimlarni egallashi aynan ushbu qonunchilik asosida izchil amalga oshirilmoqda.
Hurmatli hamkasblar va talabalar!
Ushbu sharafli bayram kunida sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy farovonlik va faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Konstitutsiyamizning insonparvar va taraqqiyparvar tamoyillari barchamizni yangi marralar sari ruhlantirib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida birdamlik va fidoyilik bilan ishlashimizga zamin bo‘lsin.
Bayram muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Akmal Sidikov,
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori, professor.