Ilmiy kengash axborotnomasi
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida joriy yilning soʻnggi Ilmiy kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Institutning asosiy binosidagi katta majlislar zalida tashkil etilgan yigʻilishda Ilmiy kengash a’zolari, kafedra mudirlari, boʻlim boshliqlari hamda professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi.
Yigʻilish tantanali tarzda boshlanib, institut ilm-fani va ta’limi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, ilmiy daraja va unvonlarga ega bir qator professor-oʻqituvchilar taqdirlandi.
Kun tartibiga muvofiq, institut rektori t.f.d., professor A.A. Sidikov 2025-yilda oʻquv ishlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik, innovatsion loyihalar hamda tashkiliy yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Hisobotda yil davomida erishilgan natijalar, muammolar va ularni bartaraf etish choralari tahlil qilindi.

Shuningdek, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, ta’lim jarayonida klinik fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni kuchaytirish, raqamli hamda interaktiv texnologiyalarni keng joriy etish, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar sonini ko‘paytirish asosiy yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.
Yigʻilishda xorijiy tajribani oʻrganish va uni oʻquv jarayoniga tatbiq etish masalasi ham muhokama qilindi. Pediatriya–2 kafedrasi mudiri PhD Sh. Ahmadaliyev Gulf tibbiyot universitetida oʻtkazilgan o‘quv seminarlari doirasida orttirilgan tajribalar va ularni institut dasturlariga joriy etish bo‘yicha ma’ruza qildi.
Bundan tashqari, “Fargʻona haqiqati” gazetasi orqali e’lon qilingan tanlov asosida professor-oʻqituvchilarni lavozimlarga saylash masalalari koʻrib chiqilib, amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yigʻilish yakunida tashkiliy va dolzarb masalalar yuzasidan takliflar bildirilib, institut faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar berildi.



Русский
English