Virtual qabulxona

+998 95 202-23-45 +998 95 302-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Ilmiy kengash

Farg‘ona tibbiyot institutida 2025-yilning ilk Ilmiy Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Farg‘ona tibbiyot institutida joriy yilning birinchi Ilmiy Kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, kafedra mudirlari va tegishli bo‘lim vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish institut rektori, professor Akmal Sidikovning kirish so‘zi bilan boshlandi. U ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilarni tabriklab, ularga maxsus guvohnomalarni tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Rektor yig‘ilish qatnashchilarini kun tartibi bilan tanishtirdi. Quyidagi masalalar muhokama qilindi:

Professor-o‘qituvchilar reytingini raqamlashtirish va KPI platformasini joriy etish;
6-bosqich talabalarining klinik attestatsiya natijalari tahlili;
Kafedralarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va istiqbolli rejalar;
Institut ichki tartib-qoidalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar.

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Nodirbek Komilov institut professor-o‘qituvchilarining reyting tizimini raqamlashtirish va KPI platformasini joriy etish bo‘yicha taqdimot qildi. Unga ko‘ra, har bir pedagogning ilmiy maqolalar, o‘quv-uslubiy ishlanmalar, dars soatlari va grant loyihalaridagi faolligi avtomatlashtirilgan tizim orqali monitoring qilinadi, yangi tizim ta’lim jarayonida shaffoflikni ta’minlab, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Davolash ishi fakulteti dekani o‘rinbosari Zuhraxon Madrahimova 6-bosqich talabalarining klinik attestatsiya natijalari bo‘yicha hisobot berdi. Tahlillar natijasida talabalarning amaliy ko‘nikmalari oshgani, ammo ayrim yo‘nalishlarda qo‘shimcha seminarlar va mahorat darslari tashkil etish zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.

Yig‘ilish davomida kafedra mudirlari so‘zga chiqib, o‘z kafedralarida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar, yangi metodik ishlanmalar va istiqbolli rejalar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Xususan, yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish, mahalliy va xalqaro grant loyihalarida ishtirok etish, ilmiy maqolalarni xalqaro jurnallarda nashr etish, talabalar ilmiy tadqiqotlarini rivojlantirish.

Yig‘ilish yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i B. Kazakov institut ichki tartib-qoidalari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Institutda shaffoflikni ta’minlash, noqonuniy holatlarning oldini olish uchun doimiy monitoring olib borilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlari kuchaytirilayotganini alohida qayd etdi. 

Yig‘ilish qizg‘in savol-javoblar bilan davom etdi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar muhokama qilindi. Ilmiy Kengash a’zolari tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Natijada, Farg‘ona tibbiyot institutining 2025-yildagi ilk Ilmiy Kengash yig‘ilishi samarali o‘tib, oliygohning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlari belgilab olindi.