Ilmiy kengash
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti ilmiy kengashining navbatdagi yigʻilishi bugun rektor professor Akmal Sidikov raisligida bo'lib o'tdi. Yig'ilish boshlanishida rektor barcha ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan tabriklab, ushbu qonunning jamiyat hayotidagi muhim ahamiyatini ta’kidladi. Keyin kun tartibi e'lon qilinganidan so'ng, muhokamalar boshlandi. Yig'ilishning tantanali qismida ilmiy yutuqlar bilan ajralib chiqqan professor-oʻqituvchilar eʼtirof etildi, dotsent ilmiy darajasiga erishgan o‘qituvchilarga guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi. Bu jarayon ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning samarasi bo'ldi. Asosiy masalalar bo‘yicha ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor professor Munira Kadirova ma’ruza qildi. U 2024-yilda ilmiy va pedagogik kadrlarni tayyorlash, kafedralar ilmiy-innovatsion faoliyati natijalari, xalqaro hamkorlik va amaliy tadqiqotlarning ahamiyati haqida ma’lumot berdi. Professor Kadirova ilmiy kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish rejalarini ham belgilab berdi.
Yig'ilish davomida uch nafar kafedra mudiri o'z kafedralarining faoliyati, erishilgan yutuqlari va kelgusi rejalarini taqdim etdi. Muammolar va takliflar, ilmiy loyihalar, kadrlar malakasini oshirish hamda amaliy tadqiqotlarni tijoratlashtirish masalalari muhokama qilindi. Ilmiy kengash yig'ilishi mazmunli va konstruktiv takliflar bilan o'tdi, kelgusidagi chora-tadbirlar rejalashtirildi. Tadbir institutning ilmiy salohiyatini oshirish va xalqaro maydonda o'z mavqeini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.