Ijtimoiy tashabbus

Farg‘ona shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlardan iborat ko‘rgazma-savdo yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur tadbir nogironligi bo‘lgan fuqarolarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etish hamda inklyuziv jamiyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan. Yarmarkada viloyatimizdagi nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan bir qatorda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti Davolash ishi fakulteti talabalari hamda jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdilar. Talabalarimiz tadbir davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan yaratilgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishib, ularning mehnati, kasbiy ko‘nikmalari va ijodiy yondashuvini o‘rganishdi.

Ko‘rgazmada hunarmandchilik buyumlari, milliy liboslar, turli xil bezak va maishiy mahsulotlar namoyish etildi. Ushbu ijod mahsullari nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizning mehnat bozori va jamiyatda munosib o‘rin egallashi, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash hamda psixologik va ijtimoiy moslashuv jarayonini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Talabalar uchun bunday tadbirlarda ishtirok etish nafaqat ijtimoiy mas’uliyat va fuqarolik pozitsiyasini kuchaytiradi, balki kelajakda tibbiyot xodimi sifatida nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashda insonparvarlik, empatiya va professional yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi. Mazkur yarmarka institutning ta’lim-tarbiyaviy faoliyati doirasida ijtimoiy hamkorlik va inklyuzivlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Русский
English