Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti koʻp tarmoqli klinikasi tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Farg‘ona viloyat hokimining 2023 yil 7 avgust kungi 253-11-0-Q/23 sonli qaroriga asosan:
Aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatish va davolashning samarali tizimi hamda zamonaviy usullarini joriy etish, tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish, oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, taʼlim va ilm-fanni amaliy tibbiyot bilan uygʻunlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022-yil 12-13-may kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida va kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan majlisda berilgan topshiriqlar boʻyicha 43-son yigʻilish bayonining 109.1-bandida “Fargʻona shahrida joylashgan 250 oʻrinli 2-son shahar shifoxonasi negizida Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutining koʻp tarmoqli klinikasini tashkil etish” toʻgʻrisidagi topshirigʻiga binoan, Fargʻona shahrida joylashgan 250 oʻrinli 2-son shahar shifoxonasi negizida 2023-yil 1-sentyabrdan Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti koʻp tarmoqli klinikasi (keying oʻrinlarda – Institut klinikasi) tashkil etildi.
Qarorda quyidagilar Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti klinikasining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- aholiga yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatish;
- aholiga sogʻlom turmush tarzi va kasalliklar profilaktikasi, ularni oldini olish boʻyicha maslahatlar berish;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari asosida aniqlanadigan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga bepul asosda tibbiy yordam koʻrsatish;
- bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash, tibbiyot asbob-uskunalari va inventar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) orqali
- Institut klinikasi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
- kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy metodikalari hamda texnologiyalarini joriy etish, ushbu yoʻnalishda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
- Institut klinikasi xodimlari institut kafedralari bilan hamkorlikda oʻz ixtisosligi boʻyicha respublika miqyosida maqsadli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etish;
- xorijiy yetakchi tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, toʻplangan tajriba, axborotlar, shuningdek mutaxassislar keng almashinuvini yoʻlga qoʻyish;
- hududiy tibbiyot tashkilotlariga tashkiliy-uslubiy yordam berish, ularning amaliyotiga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini joriy etish, mintaqalarda zarur profilaktik ishlar oʻtkazishda koʻmaklashish, sayyor konsultatsiyalar, mahorat - darslarini muntazam ravishda oʻtkazib borish;
- institut professor-oʻqituvchilari, talabalari, magistrlari va klinik ordinatorlari bilan hamkorlikda sayyor qabullar, tibbiy koʻriklar va maslahatlar tashkil qilish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini, tibbiy madaniyatni targʻib qilish;
- Institut klinikasi boʻlimlarida professor-oʻqituvchilar, talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlarning amaliyot oʻtashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish.
FARG‘ONA JAMOAT SALOMATLIGI TIBBIYOT INSTITUTI.