Dolzarb-90 kun
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Farg‘ona shahrida mehnat yarmarkasi va “Biznes marafon” treninglari bo‘lib o‘tdi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 2025-yil 1-iyundan 30-avgustga qadar yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lomlashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, shuningdek, ta’lim tashkilotlari o‘rtasida yoz oylarida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, bitiruvchi-talabalarni mehnat bozoriga moslashtirish maqsadida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Farg‘ona shahrida yirik mehnat yarmarkasi hamda “Biznes marafon” treninglari tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rahbariyati ham faol ishtirok etdi. Institut rahbarlari bitiruvchi talabalar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularning kelgusidagi mehnat faoliyati, kasbiy yo‘nalishi va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida tavsiyalar berdilar.
Mehnat yarmarkasida 30 dan ortiq mahalliy va hududiy korxonalar ishtirok etdi. Ushbu ish beruvchilar tomonidan jami 1 200 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi. Bu esa yoshlar uchun o‘z kasbiga mos ish topish imkoniyatini kengaytirdi.
Yarmarka va treninglarda 2 100 nafardan ortiq bitiruvchi-talabalar faol ishtirok etdi. Ular nafaqat bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdilar, balki “Biznes marafon” doirasida o‘tkazilgan treninglarda biznes reja tuzish, marketing asoslari, moliyaviy savodxonlik va startaplar yaratish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
Bunday tadbirlar yoshlar bandligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti ushbu kabi tashabbuslarni doimiy qo‘llab-quvvatlab, bitiruvchilarining kelajagi, ularning jamiyatdagi faol ishtiroki uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda faol ishtirok etishda davom etadi.