Davlat gerbi – mustaqillik timsoli
2 iyul – O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun
1992 yil 2 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir.
Bugun ushbu muqaddas ramzni kattayu kichik birdek qadrlaydi. Unda jonajon O‘zbekistonimizning tom ma’nodagi asl tasvirini ko‘radi. Gerbimizga har bir hamyurtimiz alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi mamlakatimizda ezgu qadriyatga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi. Purviqor tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turibdi. Bu esa o‘xshashi yo‘q diyorimiz maftunkorligiga o‘ziga xos ishoradir. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Ramz markazida baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston», deb yozib qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida Humo qushi va daryolar – kumush rangida, quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi – oltin rangida, g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy – yashil rangda, chanoqlardagi paxta – oq rangda, lenta – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda, sakkizburchak – oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda, yarim oy va yulduzlar – oq rangda tasvirlangan. “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonuning 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga joylashtirilgan. Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘ozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda aks ettirilgan. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan. Davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat mamlakatimizda maktabgacha ta’lim maskanlari, maktablardanoq yosh avlod ongiga singdiriladi. Bu esa ulg‘ayib kelayotgan o‘g‘il-qizlarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt taqdiri uchun daxldorlik, vatanparvarlik, fidoyilik, Vatan uchun cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. 2 iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi haqidagi qonun qabul qilingan kun munosabati bilan joylarda belgilangan tadbirlar keng miqyosda, ko‘tarinki ruhda, yuqori saviyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlar hamkorligida “Davlat gerbi – mustaqillik timsoli!” shiori ostida ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ularda taniqli olimlar, yozuvchilar, shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, estrada xonandalari, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligining harbiy orkestrlari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Ushbu sanaga bag‘ishlab telemarafonlar, Davlat gerbining ahamiyati, uni ulug‘lashga qaratilgan interfaol madaniy-ma’rifiy tadbirlar, fleshmoblar, anjumanlar o‘tkaziladi. Bularning barchasi Davlat gerbining ahamiyatini yosh avlod ongiga yanada mustahkam singdirish, ularni ulug‘ ajdodlarimizga munosib, yurtparvar insonlar etib kamolga yetkazishdek maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Gerb muallifi kim?
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun O‘zbekiston madhiyasini Abdulla Oripov va Mutal Burxonovlar yaratganini ko‘pchilik biladi. Afsuski, gerb muallifi haqida ham shunday deyish mumkin emas. Mamlakatimiz gerbi 1992-yil 2-iyulda Oliy Kengashning 10-sessiyasida qabul qilingan bo‘lib, uning muallifi grafik rassom Anvar Mamazxonovdir. Musavvir 1950-yil 22-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1968-1973 yillarda Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olgan. U talabalik yillarida o‘z davrining buyuk rassomlari E.Liepene, B.Supak ustaxonalarida hunarmandchilik sirlarini o‘rgandi. Ijodiy faoliyati uchun u Alisher Navoiy, Pirimqul Qodirov, Muhammad Ali, Azim Suyun, Xurshid Davron, Yamin Gurban, Muxtor Xudoyqulov asarlariga, shuningdek, xalq dostonlari va afandi latifalari uchun rasmlar ustida ishlagan. Shaxsiy ko'rgazmalar AQSh, Bahrayn, Belgiya, Liviya, Marokash, Tunis, Hindiston kabi mamlakatlarda bo'lib o'tdi. Yigirmadan ortiq xalqaro ko'rgazmalar ishtirokchisi va g'olibi.