Virtual qabulxona

+998 95 202-23-45 +998 95 302-23-45

info@fjsti.uz fmioz@mail.ru

ish vaqti:

Dush-Shan,9:00-17:00

Yangiliklar

Bosh sahifa

Yangiliklar

Aholini ro’yhatdan o’tkazish

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2023-YILDA AHOLINI RO‘YXATGA OLISHGA TAYYORGARLIK KO‘RISH VA UNI O‘TKAZISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 
“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 5-fevraldagi PF-5655-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o‘tkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlaridagi mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish 2023-yil 1 — 25-noyabr kunlari;
O‘zbekiston Respublikasida aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021-yil 1 — 25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida amalga oshiriladi.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida 2021-yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida 2021-yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
Aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish hamda natijalarini e’lon qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar 2021-yilda (sinov tariqasida) va 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
aholini ro‘yxatga olish maxsus dasturiy ta’minoti va moddiy-texnika vositalarini sotib olish, ro‘yxatga olish natijalarini qayta ishlash tuzilmalari uchun server, kompyuter, printer, skaner va boshqa ofis texnikasi bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi texnik hujjat loyihalari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini;
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 2020 — 2023-yillarda xarid ishlarini tashkil etgan holda hududiy statistika organlarini tarmoq uskunalari, aloqa vositalari va yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar (sinov tariqasida) va 2022-yil 1-iyunga qadar (asosiy) aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan ta’minlasin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi 2021-yil 1-aprelga qadar aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazsin va 2023-yilda aholini ro‘yxatga olish davriga qadar muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021-yilda (sinov tariqasida) va 2023-yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar hamda ro‘yxatga olish uchun ajratilgan bino va inshootlar xavfsizligini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi har yili belgilangan tartibda tegishli manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2021-yilda (sinov tariqasida) va 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish, ma’lumotlarni qayta ishlash va natijalarini e’lon qilish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini 2020 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari va Butun Jahon internet axborot tarmog‘ida keng yoritilishini tashkil etsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi B.A. Begalov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-noyabr,
710-son