Aholi salomatligi yo‘lida

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tomonidan aholining sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli profilaktik tibbiy ko‘riklar oʻtkazilmoqda
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan Farg‘ona shahrida 11 kun davomida aholiga mo‘ljallangan bepul kompleks tibbiy ko‘riklar va konsultatsiyalar oʻtkazilmoqda. Tadbir shahar hududidagi 11 ta oilaviy poliklinikada bosqichma-bosqich tashkil etilib, aholi orasida sog‘liqni saqlash madaniyatini yuksaltirish hamda erta tashxislash tizimini kuchaytirishni maqsad qilgan.
Mazkur ijtimoiy-profilaktik aksiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
— aholining umumiy sog‘liq holatini baholash;
— surunkali va xavfli kasalliklarni erta aniqlash;
— tibbiy yordamga ehtiyojmand qatlamlarga mutaxassislar tomonidan bepul maslahatlar berish;
— aholining kasallik xavfi, profilaktik choralar va sog‘lom turmush tarziga doir bilimlarini kengaytirish.

Dastur doirasidagi amaliy faoliyat Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada davom etmoqda. Bu yerda institutning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda bepul ko‘riklar tashkil etilmoqda:
ichki kasalliklar (terapevtik) ko‘rigi,
urologiya,
nevrologiya,
umumiy va tor soha jarrohligi,
pediatriya,
ginekologiya,
endokrinologiya,
dermatovenerologiya,
LOR (otorinolaringologiya),
kardiologiya yo‘nalishlari bo‘yicha diagnostika va konsultatsiyalar.

Bundan tashqari, har bir yo‘nalish bo‘yicha bemorlarning epidemiologik xavf omillari, mavjud kasalliklar tarixi va sog‘lomlashtirish choralariga oid individual tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Aksiya aholining tibbiy ko‘riklardan muntazam foydalanish imkoniyatini oshirish, diagnostika va davolashning zamonaviy yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tomonidan jamoat salomatligini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik faoliyat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat aholi salomatligining yaxshilanishiga, balki talabalarning amaliy ko‘nikmalarni boyitishiga, professor-o‘qituvchilarining jamoat salomatligi sohasidagi tajribasini kengaytirishga ham xizmat qiluvchi muhim loyihalardan biridir.

Русский
English