Fargʻonada kardioxirurgiya amaliyoti uchun stent ishlab chiqariladi
Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tashkil etilganiga endigina bir yil boʻldi. Oʻtgan qisqa davrda ixtisosligiga koʻra nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu oliy taʼlim muassasasi jamoasi quvonarli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.
— Taʼlim dargohini dunyoga mashhur ilm maskanlaridan biriga aylantirishga astoydil bel bogʻladik, — deydi institut rektori, tibbiyot fanlari doktori Akmal Sidikov. — Bugungi kunda institut binolari Investitsiya dasturi boʻyicha toʻliq rekonstruksiya qilinmoqda. Loyiha Fransiya va Rossiya tajribasi asosida ishlab chiqilgan boʻlib, oʻquv mashgʻulotlari olib boriladigan binolar va talabalar turarjoylari, vivariy oʻquv va ilmiy laboratoriyalar bitta hududda joylashgan kampus shaklida boʻladi.
Ayni paytda institutdagi 3 ta fakultet, 25 kafedrada mavjud. Bu yerda xalq tabobati, oliy malakaviy hamshira ishi, tibbiy profilaktika, davolash ishi, pediatriya va stomatologiya hamda farmatsiya yoʻnalishlarida uch ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Ularning 140 dan ortigʻi xorijlik yoshlardir.
Oʻtgan bir yil davomida Rossiyaning Kursk, Kuban tibbiyot universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturi tuzildi. Belarus, Germaniya, Hindiston tibbiyot oliygohlari, Moskva anesteziologiya va reanimatologiya klinik markazi bilan memorandum imzolandi. Shu tariqa tibbiyot mutaxassislari hamda talabalar malakasini oshirish uchun keng koʻlamli hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Yaqinda institutning bir guruh mutaxassislari Rossiya, Germaniya, Qozogʻistonda oʻzaro tajriba almashish dasturida ishtirok etib qaytdilar.
Shuningdek, institutda ilk marotaba AQSHning USMLE taʼlim dasturi boʻyicha oʻquv kurslari joriy etildi. Dastur uch bosqichdan iborat va barcha bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan talabalar AQSHda shifokor boʻlib ishlash huquqini beruvchi litsenziyani qoʻlga kiritadilar.
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va institut oʻrtasidagi hamkorlik memorandumiga muvofiq bu yerga Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan zamonaviy mikroskop olib kelindi. Undan birdaniga 10 nafar talaba foydalanib, inson organizmidan tahlil uchun olingan namunalarni 1000 baravaridan 5000 baravarigacha kattalashtirib, mikroblar, bakteriyalar, toʻqimalardagi oʻzgarishlarni yaqqol koʻrish mumkin.
Yaqinda institut jamoasi xalqaro grant loyihasini qoʻlga kiritdi. Endilikda ushbu loyiha doirasida Belarus politexnika instituti olimlari bilan hamkorlikda inson yuragiga qoʻyiladigan stent ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi hamda institutning oʻzida qadoqlanib, Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti brendi ostida ishlab chiqariladi.