Xalqaro hamkorlik
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrifi
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori, professor Sidikov Akmal Abdiqaxarovich boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Mazkur tashrif institutning xalqaro hamkorlik doirasida ta’lim va tibbiyot sohalaridagi o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda sog‘liqni saqlash sohasida innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish maqsadida tashkil etildi.
Rasmiy uchrashuv: strategik hamkorlik sari dadil qadam
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Xitoyning yetakchi tibbiy oliygohlaridan biri – Xitoy tibbiyot universiteti rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:
Fan va ta’lim integratsiyasi – professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘zaro almashinuv dasturlari;
Qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari – tibbiyot, jamoat salomatligi, biotexnologiya, epidemiologiya yo‘nalishlarida;
Innovatsion texnologiyalarni joriy etish – zamonaviy laboratoriyalar, simulyatsiya markazlari va telemeditsina asosida;
Ilmiy nashrlar va malaka oshirish – qo‘shma konferensiyalar, xalqaro jurnallarda maqolalar e’lon qilish va stajirovkalar.
Fan, innovatsiya va tibbiy ta’limning yangi bosqichi
Uchrashuv davomida ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishda “global ta’lim – mahalliy salomatlik” konsepsiyasi asos qilib olindi. Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti Xitoy tajribasi asosida zamonaviy ilmiy va amaliy yondashuvlarni o‘rganib, ularni O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimida tatbiq etishni rejalashtirmoqda.
Bu tashrif — nafaqat xalqaro do‘stona aloqalar balki sog‘liqni saqlash sohasida ilm-fan, ta’lim va innovatsiya integratsiyasi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.