Ilm-fan rivoji yo‘lida
Oliy attestatsiya komissiyasi raisi institutimizga tashrif buyurdi
Ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar salohiyatini yanada oshirish, tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning izlanishlari davomida duch kelayotgan muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Tadjiyevich Yusupov institutimizga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida institut rektori, professor Akmal Sidikov, mehmonni oliygohda olib borilayotgan ilmiy-pedagogik faoliyat yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishtirdi.
Yig‘ilish jarayonida Ahmadbek Yusupov ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash borasida yaratilgan imkoniyatlar, mavjud shart-sharoitlar hamda mavjud tartiblar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuvda doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va yosh olimlar dissertatsiya ishlarini tayyorlash, rasmiylashtirish hamda himoya qilish jarayonlariga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bu savollarga batafsil javob berib, muammoli jihatlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar va amaliy yo‘nalishlarni taqdim etdi.
Mazkur tashrif institutimizdagi ilmiy-tadqiqot muhitini yanada takomillashtirish, yosh tadqiqotchilarni rag‘batlantirish va ilmiy faoliyatga keng jalb etish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.