Ayollar reproduktiv salomatligi: muammolar, ularning yechimlari va profilaktikasi
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida “Ayollarning reproduktiv salomatligi: muammolar, ularning yechimlari va profilaktikasi” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda o‘nga yaqin xorijiy davlatlardan yetakchi tibbiyot mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar hamda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari ishtirok etdi. Anjumanning tantanali ochilish marosimida institut rektori, professor, Akmal Sidikov hamda Farg‘ona viloyati Sog‘liqni Saqlash Boshqarmasi boshlig‘i, Bobur Pirimqulov so‘zga chiqib, ayollar reproduktiv salomatligiga oid zamonaviy ilmiy-tadqiqotlar ahamiyatini ta’kidlashdi. Shuningdek, ular ushbu sohadagi dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llariga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Xalqaro ekspertlar esa bunday anjumanlarning tibbiyotda innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish, ilg‘or tajriba almashuvi va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni va ahamiyatini qayd etdishdi.
Anjuman doirasida onalik va bolalik salomatligi, bepushtlik muammolari, homiladorlikda uchraydigan asoratlar, gormonal terapiya, genetik tadqiqotlar hamda zamonaviy reabilitatsiya usullariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar va taqdimotlar bo‘lib o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilari o‘z ilmiy ishlanmalari orqali ayollarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga qaratilgan innovatsion texnologiyalar, ilg‘or diagnostik metodlar va profilaktik choralar samaradorligini namoyish etdi. Ayniqsa, laparoskopik jarrohlik, sun’iy urug‘lantirish, genetik skrining hamda regenerativ tibbiyot sohasidagi so‘nggi yutuqlar keng muhokama qilindi. Anjumanning amaliy qismida xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokida zamonaviy ginekologik tekshiruv usullari, laparoskopik va endoskopik jarrohlik, onkologik kasalliklarning erta diagnostikasi hamda sun’iy urug‘lantirish mavzulariga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar va ma’ruzalar tashkil etildi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan ayollar reproduktiv salomatligini yanada yaxshilashga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalar tibbiy profilaktika tizimini takomillashtirish, erta diagnostika va individual yondashuvga asoslangan davolash uslublarini rivojlantirishda muhim metodik asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, mehmonlar Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining zamonaviy laboratoriyalari, simulyatsion markazlari hamda ilmiy-tadqiqot bazasi bilan yaqindan tanishdilar. Anjuman doirasidagi ilmiy almashinuv xalqaro miqyosda tibbiyot sohasida hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, ayollar salomatligini mustahkamlashga doir yangi tashabbuslarni ilgari surish imkonini yaratadi.